Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish hamda ularning tarkibi  to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

14.08.2024

263

msk_yangiliklari_in

Unda viloyat hududiy saylov komissiyasi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Kun tartibidagi masalaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining 20-moddasiga asosan  Hududiy saylov komissiyasiga xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish hamda ularning tarkibi va joylashgan yeri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish vakolati berilgan.

 

Shuningdek, Kodeksning 21-moddasida okrug saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning olti — sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuzilishi hamda okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinishi hamda Hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etilishi, okrug saylov komissiyasining a’zolari jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan tanlanishi belgilab qo‘yilgan.

 

E’tiborli tomoni shundaki, bu yil xalq deputatlari viloyat  Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tasdiqlash uchun Hududiy saylov komissiyasiga tavsiya etish hamda Hududiy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

 

Okrug saylov komissiyasi a’zoligiga yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari nomzod etib ko‘rsatildi.

 

Shuningdek, okrug saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda  xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlari, shuningdek yoshlar ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor berildi. Bunda okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi viloyat bo‘yicha amalda 50 foizni tashkil etmoqda.

 

 

Saylov Kodeksi va tasdiqlangan Kalendar rejaga asosan, xalq deputatlari viloyat  Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari tomonidan  muhokama qilinib, saylovga kamida 75 kun qolgunga qadar  Farg‘ona viloyati Hududiy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda tasdiqlash uchun tavsiya etishi  lozim edi.

 

Shu bois,  joriy yilning 9-avgust kuni xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari tomonidan xalq deputatlari viloyat  Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi murojaatlar “E-saylov” axborot tizimi orqali kelib tushdi.

 

Hududiy saylov komissiyasida murojaatlar ro‘yxatga olindi va xalq deputatlari viloyat  Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarga  oid xujjatlar o‘rganib chiqildi. 

 

 

Taqdim etilgan xujjatlarga asosan xalq deputatlari viloyat  Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida  qaror qabul qilindi.

 

Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot markazi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur