Saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar qizg‘in tus olmoqda

14.10.2024

153

msk_yangiliklari_in

Ma’lumki, mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar qizg‘in tus olmoqda.

 

Farg‘ona viloyatida 1 ming 210 ta saylov uchastkasi tuzilib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Saylov jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyatimizga bir guruh Xalqaro kuzatuvchilar tashrif buyurmoqda.

 

       

 

Xususan, bugun 14-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

 

Yevgeniy Kozyak Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyev bilan muloqot qilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlari, bu galgi saylovlarning o‘ziga xos jihatlari, bunda hududiy saylov komissiyasining vazifalari, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish jarayoni, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, ovoz berishni o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan suhbatlashdi.

 

Shundan so‘ng hududiy saylov komissiyasi a’zolarining ish faoliyati, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

 

Qayd etish joizki, O‘tgan vaqt davomida joylardagi barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini e’tiborga olgan holda binolarga nishab yo‘laklari barpo etildi.

 

         

 

Xalqaro kuzatuvchi Farg‘ona shahridagi 71-uchastka saylov komissiyasida bo‘lib, u yerda saylovchilavr uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Farg‘ona Davlat universiteti binosida joylashgan mazkur uchastkada 1513 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ilk saylovchilar 59 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, 34 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov kuni emin-erkin saylovda ishtirok etishlarini ta’minlash choralari ham ko‘rilgan. Uchastka saylov komissiyasi raisi Muhammadjon Mamajonov bilan bo‘lgan suhbatda siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lindi.

 

Shuningdek, Farg‘ona shahridagi Mono-markaz binosida joylashgan 88-uchastka saylov komissiyasida bo‘lgan Yevgeniy Kozyakga hozirda komissiya a’zolari tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil axborot berildi. Ya’ni, 2827 nafar saylovchi ro‘yxatga olinib, 74 nafar saylovchi saylov kuni o‘z saylov hududida bo‘lmasligi, davolanish, sayohat va xizmat safarida bo‘lishini inobatga olib muddatidan oldin ovoz berish istagi borligi bildirgani aytib o‘tildi.

 

Xalqaro kuzatuvchi uchastka saylov komissiyasi raisi va a’zolari bilan 16-23-oktyabr kunlari o‘tkaziladigan muddatidlan oldin ovoz berish tartibi va qonun-qoidalari haqida suhbatlashdi.

 

Bundan tashqari, Xalqaro kuzatuvchi TATU Farg‘ona filiali binosida joylashgan 92-saylov uchastkasida ham bo‘ldi.

 

Uchastkalarda olib borilayotgan ishlar – saylovchilarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnik va texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan ishlar saylovlarni ochiq, oshkoralik, demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish imkoniyatini berishi shubhasiz.

 

Xalqaro kuzatuvchining missiyasi viloyatimiz bo‘ylab davom etmoqda.

 

 

Farg‘ona viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur